insurez
08-07-2024 11:11

Ishonchli axborot manbai


Aholi soni bo‘yicha aniq va yaxlit ma’lumotlar ro‘yxatga olish asosida olinadi. Aholini ro‘yxatga olishning yoshi, jinsi, milliy tarkibi, ma’lumot darajasi, nikoh holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida ma’lumotga ega bo‘lishning yagona manbaidir. Uning natijalariga asoslanib, ushbu dasturlarni amalga oshirish natijalari baholanib, iqtisodiy prognozlash va demografik siyosatni shakllantirish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, bu tadbirning asosiy maqsadi – O‘zbekistonda aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash uchun zarur bo‘lgan ishonchli axborotni beradi.

Aholini ro‘yxatga olish tadbiri iqtisodiy jihatdan bizga nima beradi?

Birinchidan, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni (yalpi ichki mahsulot, aholi daromadlari, sanoat mahsuloti hajmi, iste’mol mahsulotlari hajmi, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari) hisoblashda foydalaniladi.

Ikkinchidan, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot manbai sifatida xizmat qiladi.

Uchinchidan, aholi punktlarining infratuzulmasini yaxshilashda, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqishda ishlatiladi. Shuningdek, davlat hokimiyati organlarining vazifalarini bajarishi, ilm-fan va jamiyatni axborot bilan ta’minlash uchun zarurdir.

Shunday qilib, hukumat oldiga yana bir muhim vazifalar qo‘yildi. O’zbekistonning har bir viloyati, shahari, tumanidan tortib mahallasiyu ko‘chasigacha, chekka qishloq va olis ovullarigacha aloqador bo‘lgan barcha ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan yagona axborot bazasi yaratiladi.

Teglar
- -