Sud tizimi islohotlarning yangi bosqichida
Mamlakatimizda inson haq-huquqlarini munosib himoya qilish, xalqimizning odil sudlovga erishish darajasini yanada kengaytirish bo‘yicha katta islohotlar amalga oshirilayotganligi barchamizga yaxshi ma’lum.
Jumladan, Prezidentimiz tomonidan imzolangan taraqqiyotga erishish yo‘lidagi 100 ta muhim maqsadni ilgari suruvchi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonda nazarda tutilgan muhim yo‘nalishlardan biri ham “qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish” deb nomlanganligi bejiz emas.
Mazkur hujjatda sud-huquq tizimidagi islohotlarni amalga oshirish uchun, avvalo, Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligiga erishish, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlashni sud-huquq islohotlarining bosh mezoniga aylantirish, sud hokimiyatining mustaqilligini kuchaytirish va uning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatini inson manfaatlari, qadr-qimmati va huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirish kabi qator vazifalarni bosqichma-bosqich ro‘yobga chiqarish belgilab qo‘yilgan.
Shu ma’noda davlatimiz rahbarining 2024-yil 10-iyun kuni qabul qilingan “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ilgari surilgan vazifalarni hayotga tatbiq etish, xususan, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida shaxs huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi yo‘lga qo‘yiladi.
Shundan kelib chiqib, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritiladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqilishi tartibi belgilandi.
Farmonga binoan, tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati beriladi.
Tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.
Farmonga muvofiq, tergov sudyasiga sanksiyalar va majburlov choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati beriladi.
Tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi hamda faqat qonunga bo‘ysunadi.
Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsiz. Bu masala Konstitutsiyamizda alohida qayd etilgan. Jumladan, Bosh qomusimizning 27-moddasida “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega” ekanligi, hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emasligi, hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yilishi belgilab qo‘yilgan. Ushbu muhim jihatlar, umuman, shaxs huquq va erkinligining ishonchli himoya qilinishi esa qonun ustuvorligining ta’minlanishi demakdir.
Shu bois ham qonun ustuvorligi, ijtimoiy adolat, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlash kabi masalalar tergov sudyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.
Shohida Murodulloyeva,
fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sud raisi.